Asosiy mazmunga o‘tish
Erenler Vakfı

Maqolalar

Kutilayotgan mehmon: Uch oylar

Maqolalar

Kutilayotgan mehmon: Uch oylar

04
Fev

Dunyo butun ziynati bilan ko‘zimizni oladigan, qalbimizdagi tuyg‘ular xarob bo‘ladigan, qalb nozikligining o‘rnini qattiqlik, hushyorlikning o‘rnini g‘aflat, tafakkurning o‘rnini mosivo, tavozening o‘rnini kibr, birodarlikning o‘rnini manmanlik, ikrom va infoqning o‘rnini baxillik egallagan paytda…

Ibodatning lazzati ko‘ngillarda so‘lib, iblisning makr va tuzoqlari har burchakni tutishga moyil bo‘lgan chog‘da, suvsiz qolgan, qaqragan ruhlarning imdodiga fayz yomg‘irlarini yog‘diradigan, ubudiyat novdalariga qaytadan o‘sish baxsh etadigan, rahmat buloqlarini jo‘shtiradigan ilohiy bir nasim yuraklarimizda esa boshlaydi…

Bizni g‘aflatdan uyg‘otish, yaratilish maqsadimizni eslatish, ibodat zavqini yuraklarga tuttirish uchun feruza kosalarda sharbatlar sunilur. To‘g‘ri yo‘lda sobit qolishni istaganlarga, olamlar sarvarini yagona yo‘lboshchi tanlagani holda uning izidan adashib qolgan bizlarga, tekis yo‘lda qoqilganlarga, ko‘zlari ufqdagi maqsadga tikilib turib oyoq uchidagi chuqurlarga yiqilganlarga, qaytadan tirilishni, tikanli yo‘llardan bahorning muzhdasi har yonda taralgan sara bog‘larga kirishni istaganlarga…

Istashning sirlari

Bermoqchi bo‘lmasa edi, istashni ham bermas edi. (Agar na xoh dod, na dodi xoh.)

Bir ulug‘ so‘zda shunday buyuriladi. Bilinish uchun yaratgan Mavlo taolo, ehson etish uchun bizning iltijo qilishimizni istaydi. Istagan sari qadri tushadigan bandalar eshiklariga qaramay, bu eshikda istagan sari qiymat topiladi, yolvorgan sari ehson etiladi, har munojotga “Labbayk” deb javob beriladi, ulug‘lar ulug‘ining dargohida…

(Rasulim!) De: Duoyingiz bo‘lmasa, Robbim sizga qanday qiymat berardi? (Furqon: 77) deb marhamat qilmoqda Mavlo taolo. Nafs va shayton changalida kunma-kun ezilgan banda har yiqilganida ojizligini izhor etib, boshi egik, ko‘zi yoshli, panoh izlaganida, ilohiy rahmatning qanotlari ostida aziz mehmon sifatida kutib olinadi, xatolari kechiriladi, pok-poklanadi, yomonliklari yaxshiliklarga almashtiriladi. Shunday ekan, ilohiy rahmatga erishishning siri, qalbning eng chuqur go‘shalaridan toshgan tuyg‘u bilan ojizligini izhor etish va bandalikni tan olishdir bu eshikda.

“Agar siz gunoh qilmasangiz edi, Alloh sizni halok qilib, o‘rningizga gunoh qilib, ortidan tavba qiladigan bandalarni yaratgan bo‘lardi.” (Muslim, Tavba, 9) deb marhamat qiladi olamlar sarvari. Har tomoni nuqsonli, har yoni xatolarga to‘lgan bizlarga bashorat berib, insonning yaratilishidagi hikmat sirining pardasini ochadi.

Gunoh qilish va tavba etish… Uning g‘azabidan rahmatiga panoh topish, azobidan qo‘rqib, rizosini umid qilish, yiqilgandan keyin turishni o‘rganish, ko‘rmay turib ko‘rgandek sevish, ijobatini eshitgandek niyozlar qilish. Bularning barchasi yaratilish maqsadimizdir. Agar inson bu xislatlarini yo‘qotib, gunoh qilmaydigan, xatoga yo‘l qo‘ymaydigan, farishtalar tabiatiga bo‘ysunadigan bo‘lsa, yaratilishidagi maqsad va fitrati o‘zgarib ketadi.

Ana shu hozir biz yashayotgan uch oy ehson va in’omning sharros yog‘adigan, bizdan bandalikning e’tirofi va ojizlik evaziga ikrom xazinalarining oxirigacha ochiladigan muborak fasldir.

Sog‘inch bilan kutilgan uch oylar

Uch oylar yaqinlashganda Asri Saodat sarvarini shirin bir shoshilish qamrab olardi. Duolar injular kabi tiniq-tiniq to‘kilardi. U kelganda har kechasi alohida visol, har kunduzi boshqa hayot bo‘lardi. “Allohim, bizga Rajab va Sha’bonni muborak qil va bizni Ramazonga yetkaz” deya niyoz qilardi. Uch oylar uning nazarida faqat vaqt bo‘lagi, Oy va Quyoshning harakati, Yerning aylanishidan iborat emas edi.

Uch oylar koinot sarvarining pok ruhida yo‘li sog‘inch bilan kutiladigan, visoliga ishtiyoq duyiladigan bir do‘st qiyofasida jilvalanardi. Qadr va e’tiborga loyiq mehmon kabi ta’zim bilan kutib olinardi uning nurli dasturxonlarida.

Bir mehmonni tasavvur qiling, mo‘minlar! Xurjunidan sovg‘alar sochilmoqda. Shunday bir kisa in’om etadiki, nimani xohlasang sening bo‘ladi, rag‘bat qilganlaringga erishtiradi, ikki dunyo saodatini ato etadi. “Ragoib” deb nom beradi bu cheksiz-chegarasiz dengizlar in’omiga… Dastlabki juma kunidayoq, oyoq bosar-bosmasdan poklanaylik, ma’naviy muhitiga kiraylik, bizga xayrlashgandan keyin tushib qolgan girdobdan qutulib chiqaylik deb, saxiylik bilan, hisob qilmay, sanamay, chegaralamay rahmati bilan yuvinishni istagan barcha ko‘ngillarni ho‘llaydi.

“Rajab Allohning oyi, Sha’bon mening oyim, Ramazon ummatimning oyidir” deb marhamat qilmaydimi Payg‘ambarimiz. Koinotda undan boshqa hech kimga totdirmagan ruyat ne’matini, visol zavqini o‘z oyida Habibiga totdirmoqda olamlar Robbi Alloh zul-jalol hazratlari. Rajabi sharifning yigirma yettinchi kechasida mo‘minlarning yuraklari ko‘tariladi, ma’naviy me’rojlar bilan olamlar sarvariga hamroh bo‘ladilar. Xayrlashayotganida qadrli mehmon yana bir sovg‘a qoldiradi. Boshida poklaydi, oxirida taraqqiyotlar ehson etadi. Qanday go‘zal do‘st, qanday aziz yo‘lovchi…

Ketayotganda qo‘llarimizni qo‘yib yubormaydi, begona yurtlarda sevuvchilarini tark etmaydi, Habibining oyiga topshiradi, bir visoldan boshqasiga, bir okeandan boshqa dengizga g‘arq etadi pok badanlarni… “Allohning Rasuli Sha’bon oyining deyarli barchasini ro‘za bilan o‘tkazardi.” deb marhamat qiladi mo‘minlarning onasi hazrati Oisha. “Sha’bon oyi ikki muborak oyning o‘rtasida qolgani uchun ko‘pchilik qadrini anglashdan g‘ofil qoladigan oydir.” deb marhamat qilib, unga ko‘rsatgan e’tiborining sababiga ishora qilmoqda Payg‘ambarimiz. Yangi bir do‘st, yangi bir mahbub mo‘minlarning eshigini qoqmoqda va o‘zi bilan olib kelgan ehsonlari rahmat payg‘ambarining oyiga munosib ekanini to‘liq ifodalamoqda. Roppa-rosa o‘n beshida mag‘firat to‘lqinlari ko‘tariladi mo‘minlarning ko‘ngil sohillarida. Ho‘llanmaslik mumkinmi? Alloh va Rasuliga iymon keltirgan va ota-onasini rozi qilgan kim bo‘lsa, nurdan baroatini qo‘liga topshiradi… Naqadar katta ehson, naqadar saxiy mehmon…

Va bu tayyorgarliklarning natijasi… Kutilayotgan mehmonning ko‘z qamashtiruvchi nurlari tepalik ortidan ko‘rina boshlaydi, Baroat kechasi kelganda… Qotib qolgan qalblardan asar qolmagan, obi hayot buloqlarida yuvingan barcha g‘ubor, ko‘zlar tumanli, yuraklar tayyor kutmoqda, mo‘minlar o‘z oylarini, vaqt tezroq yetib kelsin deb, O‘n bir oyning Sultonini…

Bir imsak vaqtida taxtini quradi ko‘ngil saroylariga Sulton! Ammo uning kelishi boshqacha, g‘ayb pardalari ko‘tarilgan, his qilgandek tegasan, jismlanib sayr etmoqda o‘rtada. Qayoqqa qarasang uni ko‘rasan, yer bilan osmon orasini qamragan nurlari oshkor, o‘zini yashirmaydi bu muborak mehmon… Barcha mo‘minlarning ko‘ngillariga nozil bo‘ladi… Ularga ixtisos etilganini har dam oshkor qiladi.

Sadaflarning eng nodir injularini taqdim etgandek, gullarning eng go‘zal ifor-hidlarini sochgandek, qirq parcha ipak ichidan soqoli sharif ko‘rsatgandek, bu muborak mehmon eng qimmatli sovg‘asini so‘nggi o‘n kunida taqdim etadi… Ibodat bilan o‘tkazilgan ming oydan xayrli “Laylatul-Qadr”ni mo‘minlarning izlanishini tomosha qilish uchun bayon etmaydi Ilohiy Hikmat. “So‘nggi o‘n kunning toq kunlarida va yigirma yettinchi kechada kuchli ehtimol bilan” deb ishoralar beradi hayratga tushgan ko‘ngillarga olamlar sarvari sollallohu alayhi va sallam.

Mana biz ham bu muborak mehmonlarning sayr-u safarlari arafasida ularni kutar ekanmiz, yarador yuraklarimizning islohini shu bahonada tilaymiz. Omin!

Ushbu maqola quyida havolasi berilgan Ismoilog‘a veb-saytiga ishora qilingan holda e’lon qilinmoqda.

Kutilayotgan mehmon: Uch oylar
Bu yozuv Maqolalar bo‘limida e’lon qilingan. Doimiy havolani xatcho‘plarga qo‘shing.

Javob yozing Javobni bekor qilish

← Barcha yangiliklar

Kechiktirmang, bismillah deng va hoziroq boshlang

“Kim ilm talab qilish yo‘liga kirsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qiladi.”

— Hz. Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)

Talaba bo‘lish →