Asosiy mazmunga o‘tish
Erenler Vakfı

Maqolalar

Qadr kechasi: ming oydan afzal, mag‘firat va salomatlik kechasi

Maqolalar

Qadr kechasi: ming oydan afzal, mag‘firat va salomatlik kechasi

08
May

Qadr kechasining qadr-qimmatini bildiruvchi eng buyuk guvoh – unga qadrini bergan, Alloh taoloning qadimiy kalomi Qur’oni Karimdir. Chunonchi, Alloh taolo:

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

﴾اِنَّٓا اَنْزَلْنَاهُ ف۪ي لَيْلَةِ الْقَدْرِۚ ﴿1﴾ وَمَٓا اَدْرٰيكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِۜ ﴿2﴾ لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ اَلْفِ شَهْرٍۜ ﴿3

﴾تَنَزَّلُ الْمَلٰٓئِكَةُ وَالرُّوحُ ف۪يهَا بِاِذْنِ رَبِّهِمْۚ مِنْ كُلِّ اَمْرٍۙۛ ﴿4﴾ سَلَامٌ۠ۛ هِيَ حَتّٰى مَطْلَعِ الْفَجْرِ ﴿5

“Shubhasiz, Biz uni(; ya’ni o‘sha abadiy mo‘jiza bo‘lgan Qur’oni Karimni) Qadr kechasida (Lavhi Mahfuzdan birinchi osmonga) birdaniga nozil qildik! Qadr kechasining qanchalik (buyuk kecha) ekanini senga bildirgan narsa nima? (Hech kim bila olmaydi, bildira olmaydi! Mana endi Men senga bildiraman:) Qadr kechasi(, o‘zida Qadr kechasi bo‘lmagan) ming oydan ham yaxshiroqdir! (Shu sababli unda qilingan solih amal sakson uch yil to‘rt oy davomida to‘xtovsiz qilingan amalga teng bo‘lishdan ham ortiq, undan afzaldir!) Farishtalar ham, Ruh (deb ataluvchi Jabroil alayhissalom) ham (o‘sha kechadan keyingi yilgacha taqdir etilgan) har bir muhim ish uchun Robblarining izni bilan unda tinmay tushadilar. Tong otguncha (va shafaq yorishguncha) (farishtalar uchragan har bir mo‘min erkak va ayolga salom bergani uchun) u (kecha) faqat salomdir/(Boshqa paytlarda Alloh taolo ham balo, ham salomatlik taqdir etsa,) o‘sha (kechadagi taqdirlar), tong otguncha faqat salomatlikdir/”[1]

Qadr kechasi – qiyomatgacha insonlarga hidoyat yo‘lboshchisi, adolat daftari, zulm pardasi, ma’rifat dengizi, haqiqat injusi bo‘lgan Qur’oni Karim nozil bo‘lgan kechadir.

Qadr kechasi ming oydan afzal qilingan bo‘lib, taxminan bir inson umri (83 yil 4 oy)dan ham ko‘proq amal savobini o‘zida jamlagan.

Qadr kechasida, kechaning juda barakali bo‘lgani uchun, farishtalarning tushishi ko‘p bo‘ladi. Ruh, ya’ni Jabroil (alayhissalom) ham Alloh taoloning izni bilan shu kechada tushadi.

Salom va salomatlik kechasi

Qadr kechasi – to‘liq salom va salomatlikdir. Qadr kechasidan boshqa barcha kechalarda Alloh taolo ham balo, ham salomatlik taqdir etgan bo‘lsa, Qadr kechasida faqat salomatlik taqdir etgan. Shayton bu kechada yomon amal qildira olmaydi va ozor bera olmaydi. Farishtalar bu kecha tong otguncha sajda ahliga salom beradilar. Bu kecha yer yuziga tushadigan farishtalar qum zarralaridan ham ko‘pdir.

Abu Hurayra (Roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (Sollallohu alayhi va sallam) shunday marhamat qilganlar: “Kim Qadr kechasini iymon bilan va savobini Alloh (Jalla jaloluhu)dan umid qilib qoim bo‘lib o‘tkazsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi.”[2]

Ba’zi rivoyatlarda esa shunday zikr qilinadi: “O‘tgan va keyingi gunohlari kechiriladi.”[3]

Anas ibn Molik (Roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz (Sollallohu alayhi va sallam) shunday marhamat qilganlar: “Sizlar ichida ming oydan afzal kecha bo‘lgan bir oyga yetib keldingiz! Kim o‘sha kechaning xayridan mahrum bo‘lsa, u butun xayrlardan mahrum bo‘libdi. O‘sha kechaning xayridan esa faqat nasibsiz kishigina mahrum bo‘ladi.”[4]

Ibn Abbos (Roziyallohu anhumo)ning rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambar (Sollallohu alayhi va sallam) shunday marhamat qilganlar: “Qadr kechasi bo‘lganda, Jabroil (alayhissalom) farishtalardan bir jamoa bilan namoz o‘qiyotgan va Alloh taoloni zikr qilayotgan har bir bandaga duo qiladi va salom beradilar.”[5]

Ka’b al-Ahbor (Rahimahulloh)ning shunday degani rivoyat qilinadi: “Alloh taolo kunlardan Juma’ni, oylardan Ramazonni, kechalardan esa Qadr kechasini tanlagan.”[6]

Qadr kechasida zikr, hamd, tasbeh va salavotu salom kabi amallar bilan birga mag‘firat duosini qilish ham sunnatdir. Darhaqiqat, shu mavzudagi bir rivoyatga ko‘ra, onamiz Oisha (Roziyallohu anho) Payg‘ambarimiz (Sollallohu alayhi va sallam)dan: “Qadr kechasiga yetsam, qanday duo qilay?” deb so‘ragan va Payg‘ambarimiz (Sollallohu alayhi va sallam) quyidagicha duo qilishni tavsiya etganlar:

“اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي”

“Ey Allohim! Albatta Sen afv etuvchisan. Afvni sevasan. Meni ham afv et!”

I‘TIKOFNING FAZILATI

Ibn Umar (Roziyallohu anhumo) shunday degan: “Payg‘ambarimiz (Sollallohu alayhi va sallam) Ramazoni sharifning oxirgi o‘n kuni i‘tikofga o‘tirar edilar.”[7]

Hazrati Oisha (Roziyallohu anho) onamiz Payg‘ambarimiz (Sollallohu alayhi va sallam)ning bunga vafot etgunlaricha amal qilganlarini aytgan.[8]

Hazrati Oisha (Roziyallohu anho) shunday degan: “Payg‘ambarimiz (Sollallohu alayhi va sallam) Ramazoni sharifning oxirgi o‘n kuni kirganda, kechasini ibodat bilan jonlantirar, oila a’zolarini uyg‘otar va boshqa paytlarda ko‘rsatmaydigan g‘ayratni oxirgi o‘n kunda ibodat qilishga ko‘rsatar edilar.”[9]

Ibn Abbos (Roziyallohu anhumo)dan Payg‘ambarimiz (Sollallohu alayhi va sallam)ning shunday marhamat qilgani rivoyat qilingan: “I‘tikof gunohlarni to‘sib qo‘yadi va unga barcha yaxshiliklarni qilgan kishi kabi ajr beriladi.”[10]

Mavlo taolo barchamizni nabaviy nasihatlarga quloq soladigan va uni haqqi bilan amal qiladiganlardan qilsin!

Izohlar


[1] Qadr surasi: 1-4.
[2] Buxoriy, Savm, Hadis № 1901; Muslim, Salotul-Musofirin, Hadis № 175-(760).
[3] Ahmad ibn Hanbal, al-Musnad, j. 37, b. 406, Hadis № 22741.
[4] Ibn Moja, Siyom, Hadis № 1644; Tabaroniy, al-Mu‘jamul-Avsat, j. 2, b. 119, Hadis № 1444.
[5] Bayhaqiy, Shu‘abul-Iymon, j. 5, b. 277, Hadis № 3421.
[6] Bayhaqiy, Shu‘abul-Iymon, j. 5, b. 242, Hadis № 3363.
[7] Buxoriy, I‘tikof, Hadis № 2025; Muslim, I‘tikof, Hadis № 1-(1171).
[8] Buxoriy, I‘tikof, Hadis № 2026; Muslim, I‘tikof, Hadis № 5-(1172).
[9] Muslim, I‘tikof, Hadis № 8-(1175); Termiziy, Savm, Hadis № 796.
[10] Ibn Moja, Siyom, Hadis № 1781; Bayhaqiy, Shu‘abul-Iymon, j. 5, b. 434, Hadis № 3678.

manba: ismailaga.org.tr

Javob yozing Javobni bekor qilish

← Barcha yangiliklar

Kechiktirmang, bismillah deng va hoziroq boshlang

“Kim ilm talab qilish yo‘liga kirsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qiladi.”

— Hz. Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)

Talaba bo‘lish →